Qurʼon Allohning Kalomidir. Qurʼon har bir inson uchun yoʻlboshchidir. Qurʼon nozil boʻlganiga bir ming toʻrt yuz yildan oshdi. Lekin qancha zamonlar oʻtsa ham, ilm-fan hozirgidan yuz baravar rivojlanib ketsa ham, Qurʼon hecham eskirmaydi, bandalarni qiyomatgacha eng toʻgʻri yoʻlga boshlaydi. Biz hozir hayotimizni texnikasiz tasavvur qilolmaymiz. Bir-ikki soat elektr toki boʻlmasa yoki qoʻl telefonimiz ishlamay qolsa, dunyo koʻzimizga qorongʻi koʻrinib ketadi goʻyo. Chindan ham, bugun turmush tarzi shiddat bilan oʻzgarib bormoqda. Ammo insonning fitrati – asl tabiati ming yil oldin qanday boʻlsa, shundayligicha turibdi. Sira oʻzgargani yoʻq. Yana ellik-yuz yildan keyin ham inson insonligicha qoladi.

Aytmoqchi boʻlganimiz, Qurʼon bu – shifo. Ham tanamiz, ham qalbimiz uchun ilohiy malhamdir.

Ilm-fan qancha rivojlanmasin, inson qalbini Qurʼondan boshqa narsa bilan davolab boʻlmaydi.

Qilni qir yoradigan olimlar ming kashfiyot qilmasinlar, qalbni illatlardan tozalaydigan

Qurʼondan yaxshiroq shifoni yaratolmaydilar. Qalbni Allohning Kalomi bilan davolamasa, ojiz banda “yaratgan” vositalar mukammal shifo boʻla olmaydi.

Maʼlumki, bizning yurtlarda musibat yetgan xonadonga fotiha oʻqishga kelishadi, mayyit

egalariga taʼziya bildirishadi, Qurʼon tilovat qilib, savobini oʻtganlarga bagʻishlashadi. Bundan tashqari vafot etganlarga atab qilinadigan ehsonlarda ham Qurʼon oʻqiladi. Shuning uchun boʻlsa kerak ayrim odamlar ongiga “Qurʼon – oʻtib ketganlarga bagʻishlab oʻqiladigan Kitob” degan notoʻgʻri tushuncha singib qolgan. Aslida Qurʼon faqat maʼlum marosimlarda oʻqish uchun tushirilmagan.

Qurʼon yuragi dukillab urib turgan, qalbi tirik, basirat koʻzi ochiq insonlarni ogohlantirish maqsadida nozil qilingan. Alloh taolo aytadi: “Biz (Muhammadga) sheʼr oʻrgatmadik, (shoirlik) uning uchun durust emas. (Muhammad alayhissalom tilovat qilaѐtgan narsa) faqat tirik kishilarni ogohlantirish uchun, kofirlar ustiga soʻz (yaʼni, azob) haq boʻlishi uchun (nozil qilingan) bir eslatma, ochiq-ravshan Qurʼondir” (Yosin surasi, 69-70-oyatlar).

Qurʼon faqat masjid imomlari yoki bola-chaqadan qutilib, qarilik gashtini surayotgan keksalar oʻqiydigan kitob emas. Qurʼon har bir musulmonning Kitobidir. Irqi, jinsi, ѐshi, kasb-kori, ijtimoiy kelib chiqishidan qatʼi nazar, qalbida imon joʻsh urib turgan har bir insonning Kitobidir Qurʼon!

Odatda, ishi yurishmayotgan yoki baxti ochilmayotganlarga: “Domlaga borib, oʻzini bir oʻqitvor. Yaxshi boʻp ketasan”, deya maslahat berishadi. Shariatda – maʼlum shartlarga koʻra – dam solish joiz. Masalan, koʻz tekkanda, koʻngil bezovta boʻlganda ѐki biron dardga chalinganda, kishi oʻziga oʻzi dam solishi mumkin. Fotiha, Oyatul kursiy, Yosin, Kofirun, Ixlos, Falaq, Nos suralarini oʻqib dam urilsa, Allohning izni bilan foydasi boʻladi. Agar bu ishning uddasidan chiqolmasa, taqvodor (ishonchli, duosi mustajob) insonga dam soldirsa ham boʻladi. Lekin unutmaylik, Qurʼon faqat dam solish yoki qaytarma qildirish uchun tushirilmagan. Kalomullohning nozil etilishidan koʻzlangan asosiy maqsad boshqa.

Gap shundaki, Qurʼon bizning qalbimizni isloh qilish uchun tushirilgan. Qurʼon bizni eng

toʻgʻri yoʻlga boshlash uchun nozil etilgan. Ilm-fan taraqqiy etgan, ayni damda koʻpchilik tushkunlikka tushib qolayotgan bir pallada Qurʼonni oʻqib-oʻrganishga juda muhtojmiz. Nega desangiz, shikasta qalbimizga ruhiy dalda kerak. Bugun qalbimiz maʼnaviy tarbiyaga ehtiyoj sezmoqda. Mana shu kemtikni Qurʼon bilan toʻldirish mumkin. Zero, Qurʼon inson dilini poklaydi, ruhini tetiklashtiradi, xulqini goʻzal qiladi. Qurʼon bilan hamnafas inson ikki dunyo saodatiga erishadi.

Buning uchun Parvardigorimiz Kalomini oʻqib-oʻrganib, ilohiy taʼlimotlarga muvofiq yashasak boʻlgani.

Qosimxoʻja Inamov,

Yangiqoʻrgʻon tumani “Boboihandon” jome

masjidi imom xatibi